Kundalik turmushda zarur bo`lgan tabiiy gaz narxi mo`tadil bo`lishini hamma xohlaydi. Ularning narxi esa doim ham bir xil miqdorda bo`lavermaydi. Lekin nima uchun narx o`zgaradi, bu haqida hech o`ylab ko`rganmisiz?

Ma`lumot o`rnida aytib o`tish lozimki, 2021-yilda tabiiy gaz narxi oshirilmaydigan bo`ldi.

Oxirgi marotaba 2019 yil 15 avgustdan aholiga yetkazib berilayotgan 1 kubometr tabiiy gazning bahosi hisoblagich bo`lganda 380 so`m etib belgilandi. Hisoblagich bo`lmaganda ovqat pishirish yoki sovuq suvni isitish uchun ishlatiladigan gazning narxi 660 so`m, xonani isitish uchun esa 380 so`m bo`lgandi. Mahalliy xomashyoyetishmasligi, chetdan tabiiy gaz va neft mahsulotlarini import qilish zarurati vaushbu resurslarni xorijiy korxonalardan umumjahon narxlarida xarid qilinayotgani tabiiy gaz va neft mahsulotlarining narxiga ta`sir ko`rsatadi.

Endi narx o`zgarishiga ta`sir qiluvchi omillar bilan tanishsak. Hozirgi kunda gaz bo`yicha amal qilayotgan me`yor bir abonent uchun isitish mavsumidagi besh oyda 1000 kub metr, qolgan vaqtlarda 250 kub metr gazni tashkil etadi. Belgilangan limitdan oshib ketsa, gaz haqini to`lashda 1,2 miqdoridagi oshirilgan koeffitsient qo`llaniladi. Tajriba sinov tariqasida amalga oshirilayotgan loyihada belgilanganidek, gazni nazorat qilish va hisobga olish avtomatlashgan tizimi ishga tushirilganidan so`ngina tabiiy gazning asosiy me`yoridan foydalaniladi. Gaz quvurlari eskirgani, abonentlarning zamonaviy hisobga olish priborlari bilan ta`minlanmagani ham me`yordan ortiq yo`qotishlarga sabab bo`lmoqda. Gazni nazorat qilish va hisobga olish avtomatlashgan tizimi me`yordan ortiq yo`qotishlarni qisqartirish imkonini beradi. Tizim barcha iste`molchilar qatlamlariga 2022 yilgacha to`liq joriy qilinishi rejalashtirilgan. Bu kabi choralar energoresurslar ishlab chiqish jarayonlarini modernizatsiya qilish bilan birga nafaqat hozirgi, balki kelajak avlodlar ham foydalanishi zarur bo`lgan manbalarni tejab ishlatish, uni behuda isrof qilmaslik kabi xayrli maqsadlarga ham xizmat qiladi.