Xo`sh, tonirovka, uning afzalliklari va bugungi kundagi narxi haqida ma`lumotga egamisiz? Ekspertlarining fikriga ko‘ra, yilning 300 kuni quyoshli bo‘ladigan O‘zbekistonda tonirovka qilingan oynaning bir qator foydali jihatlari bor. U mashina salonida bo‘lgan odamlarni quyoshning o‘tkir nurlaridan saqlaydi, ultrabinafsha nurlarning zararli ta’sirini, shuningdek, issiqlik va quyosh nuri ta’sirini ham kamaytiradi.
Oynasi tonirovka qilingan mashina salonida konditsionerdan foydalanishga bo‘lgan ehtiyoj pasayadi va bu yoqilg‘ining iqtisod qilinishiga va atmosferaga kamroq zararli chiqindilar chiqishiga sababchi bo‘ladi, deya ta’kidlagan ekspertlar.
Bundan tashqari, yo‘l-transport hodisalari ro‘y bergan holatlarda tonirovka plyonkasi oyna siniqlari sochilib ketishining oldini olishi mumkin. Shuningdek, tonirovka qilingan oynalarni bezorilar sindirishi qiyin bo‘lishi ekspertlarning munosabatida ta’kidlab o‘tilgan.
Endi tonirovka narxlari bilan tarnishing: M1, N1 va N2 toifaga oid avtotransport vositalari orqa yon oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish uchun to‘lov stavkalari jismoniy shaxslar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari (1 mln 115 ming so‘m) etib belgilandi. Bunga qadar ushbu miqdor BHMning 10 baravari (2 mln 230 ming so‘m) edi.
Yuridik shaxslarga orqa yon oynani qoraytirish uchun to‘lov miqdori o‘zgarmagan — BHMning 10 baravari (2 mln 230 ming so‘m).
Shuningdek, orqa va old yon oynalar bo‘yicha tusini o‘zgartirishning to‘lovi miqdori ham avvalgidek saqlanib qoldi, ya’ni jismoniy va yuridik shaxslar uchun BHMning 50 baravari (11 mln 150 ming so‘m) miqdorini tashkil etadi.